O‘ZBEKISTON IQTISODIYOTINI “YASHILLASHTIRISH” ISTIQBOLLARI
Maxmasobirova Nigora
ToshDSHI tadqiqotchisi
Bugingi kunda innovatsion taraqqiyotga erishish, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, cheklangan resurslardan maksimal darajada oqilona foydalanish masalalari nafakat milliy iqtisodiyotlar, balki butun dunyo hamjamiyati oldida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalardan sanaladi. Chunki, hozirgi davr iqtisodiyoti muayyan bir tizim sifatida nafaqat iqtisodiy o‘sish, texnik mukammallik hamda raqobatbardoshlik tamoyillari asosida shakllanishi, balki har bir inson yashash sharoitini yaxshilashi hamda kelajak avlodlar uchun qulay iqtisodiy sharoit yaratishga yo‘naltirilgan bo‘lishi lozim. Iqtisodiyotning bunday transformatsiyasi bugungi kunda “yashil iqtisodiyot” asosidagi barqaror taraqqiyot deb nomlanadi.
Ushbu tadqiqotning asosiy maqsadi yashil iqtisodiyotning mohiyatini tahlil etish va O‘zbekiston sharoitida iqtisodiyotni “yashillashtirish” istiqbollarini ko‘rib chiqishdan iboratdir.
Barchamizga ma’lumki, iqtisodiy rivojlanishning har bir bosqichida atrof-muhit, tabiat iqtisodiyotning asosiy elementi, omili sanaladi. Tabiat va iqtisodiyotning mukammal muvozanatlashgan o‘zaro munosabati yashil iqtisodiyot konsepsiyasida namoyon bo‘ladi. Yashil iqtisodiyot oxirgi yigirma yillik mobaynida shakllangan iqtisodiy-ijtimoiy yo‘nalish bo‘lib, unga ko‘ra iqtisodiyot tabiiy muhitning mustaqil bo‘lmagan komponenti hisoblanib, aynan tabiiy muhit doirasida shakllanadi va rivojlanadi[1]. Yashil iqtisodiyotning bosh vazifasi ishlab chiqarish hamda iste’mol qilish jarayonlarini ekologik standartlarga mos tarzda o‘zgartirish (ecologization) dan iboratdir[2]. Yashil iqtisodiyot nazariyasi quyidagi uch aksiomalar asosida qurilgan:
- Chegaralangan tabiiy muhitda iqtisodiy ta’sir doirasini va taraqqiyotini chegarasiz ravishda kengaytirib hamda ta’minlab bo‘lmaydi;
- Resurslar chegaralangan bir sharoitda doimiy o‘sib boruvchi cheksiz ehtiyojlarni qondirib bo‘lmaydi;
- Yerdagi barcha holat va tizimlar (shu o‘rinda tabiiy va iqtisodiy muhit) o‘zaro bog‘liq.
Yashil iqtisodiyot nazariyasining bugungi kunga kelib keng yoyilishining asosiy sababi, bu mavjud ekologik muammolarning global ahamiyat kasb etayotgani hamda yashil iqtisodiyot taklif etayotgan tovar va xizmatlarning aholi ehtiyojlarini qondirish bilan bir qatorda mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilganligidadir. UNEP ning yashil iqtisodiyot to‘g‘risidagi ma’ruzasida, jahon YAIM hajmining 2 foizi iqtisodiyotni yashillashtirishga sarflansa, 2011-2050 yillarda doimiy iqtisodiy o‘sish kabi uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishga erishish mumkin va eng asosiysi, bir vaqtning o‘zida iqlim sharoiti, suv tanqisligi bilan bog‘liq muammolarni qisman hal etish hamda ekotizimlar yo‘q bo‘lib ketishining oldini olish mumkinligi ta’kidlanadi[3].
1992-yil Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tgan konferensiya yashil iqtisodiyot yo‘nalishining xalqaro hamda milliy iqtisodiy tizimlar orasida keng yoyilishiga olib keldi. Ushbu konferensiyada ko‘tarilgan bosh mavzu “O‘sib borayotgan iqtisodiy taraqqiyot sharoitida atrof-muhitga ko‘rsatilayotgan zararni minimallashtirish masalasi” edi. 2012-yil aynan ushbu shaharda o‘tkazilgan “Biz istagan kelajak” shiori ostida navbatdagi konferensiyada milliy iqtisodiy tizimlarni barqaror taraqqiyot asosida modernizatsiya qilish majburiyatini yuklovchi hujjat imzoland[4]i. Ammo, shuni alohida ta’kidlash lozimki, dunyo iqtisodiy gigantlari biri bo`lgan AQSH Iqlim o‘zgarishlari haqidagi Parij konvensiyasidan chiqib ketdi.
So‘nggi yillarda milliy iqtisodiyotlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan yashil iqtisodiyotning turli tarmoqlarini rivojlantirish uchun ko‘plab mablag‘lar yo‘naltirilmoqda. Misol uchun, yashil iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biri bo‘lgan bio energetika sohasiga yo‘naltirilgan jami mablag‘lar miqdori 2005-2009 yillar oralig‘ida 230 foizga o‘sdi (o‘rta hisobda 50 foiz) va 2013-yilda 320 mlrd. AQSH dollarga teng bo‘ldi[5]. 2009-yildan hozirgi kunga qadar “Umumjahon iqtisodiy forumi” mintaqaviy iqtisodiy tizimlarni yashil iqtisodiyotga o‘tkazish uchun 750 mlrd AQSH dollari yo‘naltirdi hamda bu mablag‘larning asosiy qismi Osiyo mamlakatlariga sarmoya sifatida kiritildi. Natijada, bugungi kunga kelib, xalqaro “yashil” tovar va xizmatlar (cleantech va greentech) bozori yillik tovar aylanmasi 546 mlrd AQSH dollarini tashkil etmoqda[6].
Biznes muhitida yashil iqtisodiyot tushunchasiga juda katta e’tibor berilmoqda va moliyaviy fondlar, yirik kapital egalari, rivojlangan davlatlar hukumatlari, biznesmenlar va ko‘pgina mamlakatlarda oddiy fuqarolar (misol uchun Skandinaviya mamlakatlarida) yashil iqtisodiyotning targ‘ibotchilariga aylandilar. Misol tariqasida, Fransiya parlamenti tomonidan 2013-yilda qabul qilingan ekologik dasturga ko‘ra, barqaror rivojlanish yo‘lini tanlagan tashkilotlardan olinuvchi foyda solig‘i besh yil davomida 30 foizga kamaytirilishi belgilab qo‘yilgan bo‘lsa, Norvegiyada alternativ energiya manbalaridan biri quyosh energiyasidan olinuvchi elektr manbaini qo‘shni mamlakatlarga eksport qilishdan oladigan yillik foyda umumiy elektr energiyasi eksportidan keladigan foydaning 20 foizini tashkil etadi[7]. Bu borada uzoq sharq mamlakatlari, YAponiya va Janubiy Koreya ham ancha ilgarilab ketmoqda. YAponiyada yashil iqtisodiyot tamoyillari muhandislik sohasida ham keng qo‘llanilib kelmoqda. Unchalik ham quyoshga boy bo‘lmagan o‘lkada kunduzgi vaqtda elektr energiyasi va issiqlikni tejash imkonini beruvchi binolar va iqtisodiy obektlar soni yildan-yilga ortib bormoqda.
Bir qarashda oddiy iqtisodiyotdan yashil iqtisodiyotga o‘tish ancha ko‘p mablag‘ talab etadigan qiyin jarayondek tuyuladi, ammo, yashil iqtisodiyot tamoyillariga amal qilish orqali resurlarni tejash, ishlab chiqarish harajatlarini minimallashtirish, uzoq muddatga xizmat qiluvchi va to‘liq yangilangan ishlab chiqarish tizimini yo‘lga qo‘yish imkoniyati yaratiladi. “Worldwatch Institute” taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘rta hajmdagi iqtisodiy tizimga ega mamlakatlar uchun yashil iqtisodiyotga o‘tish oddiy ishlab chiqarish natijasida yuzaga keluvchi muammolarni echishga qaraganda kamroq mablag‘ talab etadi[8].
SHuni ham alohida ta’kidlash kerakki, har bir mamlakat o‘z iqtisodiy, tabiiy va inson resurslari potensiali, yutuq va kamchiliklaridan kelib chiqgan holda, o‘z yashil iqtisodiyotini yaratadi chunki, hozirda universal yashil iqtisodiy tizim modeli mavjud emas.
O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiyalash sharoitida yashil iqtisodiyotning o‘rnini yuqori baholash mumkin. Chunki, mamlakatimizda yashil iqtisodiyotni shakllantirish masalasining muhim ekanligi tabiiy resurs potensialini saqlash, atrof-muhitga zarar keltirmaydigan ishlab chiqarishni tashkil etish va shu bilan bir qatorda yuqori o‘sish sur’atlariga erishish lozimligi bilan xarakterlanadi. O‘zbekistonning yuqori tabiiy resurs va inson kapitaliga ega ekanligini unda yashil iqtisodiyotni rivojlantirish uchun ko‘plab imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatadi.
O‘zbekistonda yoqilg‘i-energetika resurslarining hozirgi hajmda iste’mol qilinishi davom etsa, ular mamlakatning yoqilg‘i-energetikaga bo‘lgan ehtiyojini 20-30 yil davomida ta’minlab berishi bashorat qilingan. Shu sababli ham iqtisodiyotni yashillashtirish jarayonini ushbu sohaga keng targ‘ib etish, O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi, alternativ energiya manbalaridan foydalanish darajasini oshirish muhim masalalardan biri hisoblanadi. SHuningdek, BMT “Atrof muhit muhofazasi va taraqqiyot xalqaro komissiyasi” ning hisobotida “Kelajak rivojlanishi, ravnaqi shunday energiyalardan foydalanish formasi, ya’ni, atrof muhit holatiga zarar etkazmaydigan, xavfsiz, tiklanadigan, kafolatlangan, doimiy o‘sib, tiklanib boruvchi va foydalanish imkoniyati mavjud bo‘lgan energiyalarga bog‘liq bo‘lib qoladi”, deya qayd etilganligini e’tirof etish joiz. O‘zbekistonning quyosh energiyasi bo‘yicha yalpi salohiyati 50973 mln. tonna neft ekvivalentiga (mln.t.n.e.) teng bo‘lsa, shamol energiyasining yalpi salohiyati 2,2 mln.t.n.e. deb baholanadi. Bu sohada yurtimizda bir qancha islohotlar amalga oshirilgan bo‘lib, ularga quyidagilarni misol qilib keltirish mumkin:
- O‘zbekistonda Markaziy Osiyoda yagona ilmiy-eksperimental markaz — Fanlar akademiyasining «Fizika-Quyosh» ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi tashkil qilingan bo‘lib, uning tadqiqotlari natijalari jahon miqyosida e’tirof etildi;
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 27 maydagi “2013-2017 yillarda O‘zbekiston Respublikasida atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha harakatlar dasturi to‘g‘risida”gi Qarori ijrosi doirasida “Eko-energiya” ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Qashqadaryo viloyatidagi Kasbi, Kitob va SHahrisabz tumanlarining chekka qishloqlari – Komilon, YUqori Maymanoq, Varganzadagi qishloq ta’lim va tibbiyot muassasalariga quyosh batareyalari o‘rnatildi[9];
- 2014 yilda “O‘zbekenergo” kompaniyasi tomonidan Janubiy Koreya fotoelektr sanoati uyushmasi bilan hamkorlikda Namangan viloyatining Pop tumanida sinov tariqasida quvvati 130 kVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushdi[10];
- 2016 yilning aprel oyining boshida Buxoroda MDH da yagona bo‘lgan 1,2 mVt quvvatiga ega ko‘chma, avtonom quyosh elektr stansiyasi ishga tushirildi[11];
- Samarkand viloyatida quvvati 100 kVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi qurilmoqda[12];
- O‘zbekistonda 2030 yilgacha issiqlik-energiya balansining konsepsiyasini shakllantirish vazifasi qo‘yilgan bo‘lib, unga ko‘ra, mamlakatning umumiy energiya balansida tiklanuvchan energiya resurslari, xususan gidroenergentika, quyosh va shamol generatsiyasining ulushini 10 foizdan 20 foizgacha, ko‘mir hissasini esa, 5 dan 15 foizgacha oshirish, shu bilan birga gaz generatsiyasi ulushini 85 dan 65 foizga pasaytirish nazarda tutilgan[13]
Ulardan foydalanishni yanada samarali tashkil etish uchun quyidagi yo‘nalishlarda ish olib borish muhim sanaladi:
- Qishloq joylarida fotoelektrik qayta ishlovchi vositalarni o‘rnatishni kengaytirish;
- Energetika sohasida yirik fotoelektrik stansiyalarni barpo etish;
- Issiqlik yig‘ish tizimlariga quyosh energiyasidan foydalanish vositalarini joylashtish va boshqalar.
Natijada esa, qayta tiklanuvchi energiya sohasida yashillashtirish jarayonini olib borish 2050 yilga kelib umumiy energiya ishlab chiqarish hajmida uglevedorodlar hajmini 50 foizgacha qisqartirish imkonini yaratishi mumkin.
Transport sohasida yashillashtirishning yo‘qligi sababli bugungi kunda ushbu sohada $722,9 mln. Yo‘qotilmoqda[14]. SHu sababli ham, O‘zbekistonda transport vositalarining ekologik xavfsizligini oshirish masalasi ham iqtisodiyotni innovatsion modernizatsiya qilishning muhim bosqichlaridan biri hisoblanadi. Ushbu yo‘nalishda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar qatoriga transport vositalari tomonidan ishlatiladigan yoqilg‘ining energetik samarasini oshirish, yoqilg‘ining “yashil” alternativ turlaridan foydalanish, “yashil” elektrodvigitellardan foydalanishni kiritishimiz mumkin. Quyosh batareyalari orqali harakatlanuvchi transport vositalarining keng joriy qilinishi atrof muhitga chiqarilayotgan turli xildagi chiqindilar hajmining kamayishi, shaharlar ekotizimining yaxshilanishiga olib keladi.
Yashil iqtisodiyotning keng joriy qilinishi uy-kommunal xo‘jaligi tizimining modernizatsiya qilinishini talab etadi. Buning uchun passiv-quyosh isitish texnologiyasini joriy qilish, binolarda qayta tiklanuvchi energiya resurslaridan foydalanish, issitish tizimini isloh qilish kabi vazifalar amalga oshirilishi kerak. Ushbu yo‘nalishda olib boriladigan islohotlar yurtimizda 2020 yilga kelib 15 ming, 2050 yilda esa 120 ming yangi ish o‘rinlarini tashkil etish imkonini beradi[15].
Rivojlangan mamlakatlarda xo‘jalik chiqindilarini qayta ishlash sanoati keng yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, buning natijasida qattiq xo‘jalik chiqindilarining hajmi, atrof-muhitga zarari kamaytiriladi. O‘zbekistonda bugungi kunga kelib, mavjud poligonlarda 370 mln.m3 dan ortiq chiqindi to‘plangan. Ularni qayta ishlashga jalb etilmaganligi sababli, chiqindilarni saqlash va utilizatsiya qilish uchun sarf etilayotgan mablag‘lar iqtisodiyotga $611,6 mln.ga teg bo‘lgan umumiy zarar keltirmoqda[16]. Bu muammoni hal etishning usuli chiqindilarni qayta ishlashga moslashgan zavodlarni qurish, aholining chiqindi mahsulotlarini tashlash madaniyatini rivojlantirish (chiqindilarni turiga qarab ajratish), zarasizlantirishning imkoni yo‘q bo‘lgan turli xildagi chiqindilarni qabul qiluvchi shaxobchalarni joriy etish, oziq-ovqat va xo‘jalik mahsulotlari iste’molida isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik lozim.
Xulosa qilib aytganda, yashil iqtisodiyot mavjud resurslardan tejamkorona foydalangan holda har tomonlama zararsiz ishlab chiqarish jarayonini yo‘lga qo‘yish hamda ekologik toza mahsulot ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan tizimdir. YAshil iqtisodiyot nazariyasining bugungi kunda bu qadar keng quloch ochishining asosiy sababi, bu mavjud ekologik muammolarning global ahamiyat kasb etayotgani hamda yashil iqtisodiyot taklif etayotgan tovar va xizmatlarning aholi ehtiyojini qondirish bilan bir qatorda mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilganligida deyish mumkin. O‘zbekistonda yashil iqtisodiyotni keng joriy etish mamlakat tabiiy resurslaridan yanada oqilona foydalanish, turli xil ekologik muammolarni bartaraf etish, aholining eko-savodxonligini oshirgan holda iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga sharoit yaratadi. Iqtisodiyotni modernizatsiya qilishning bu yunalishni shakllantirish va rivojlantirish uchun yurtimizda barcha imkoniyat va sharoitlar mavjuddir. Bu yo‘nalishda esa quyidagilarga alohida etibor qaratish lozim:
- O‘zbekistonning yashil iqtisodiyot modelini (strategik dasturini) tuzish va amaliyotga keng joriy etish;
- Ushbu jarayonning huquqiy-normativ bazasini shakllantirish;
- Islohotlarni izchillik bilan bosqichma-bosqich amalga oshirish;
- Iqtisodiyot tarmoqlarini, infratuzilmani modernizatsiya qilish, ularni yashillashtirishga ichki va tashqi investitsiyalarni keng jalb etish;
- Aholining eko-madaniyatini oshirish;
- Davlat va jamiyat manfaatlarini mushtarakligini inobatga olgan holda, ushbu sohani rivojlantirishda ularninig o‘zaro hamkorligi ta’minlash;
- Yashil iqtisodiyotni shakllantirish borasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish kabilarni kiritish mumkin.
Bir so‘z bilan aytganda, oqilona iqtisodiy siyosat olib borayotgan har bir mamlakat uchun rivojlanishning innovatsion bosqichiga o‘tishda iqtisodiyotni yashillashtirish jarayoni muqarrar vazifadir.
[1] Бобылев С.Н., Захаров В.М. Модернизация экономики и устойчивое развитие. М: Экономика, 2011, стр.14
[2] Данилов-Данильян В.И., Лосев К.С. Экологический вызов и устойчивое развитие. М.: Прогресс-традиция, 2000. стр.97-98
[4] World Energy Outlook 2013.Executive Summary. IEA, 2013.
[5] Report by the Commission on the Measurement of Economic Performance and Social Progress. J.E. Stiglitz, A. Sen and J-P. Fitoussi (www.stiglitz-sen-fitoussi.fr)
[6] Brown L.R. Eco-Economy. Building an Economy for the Earth. Earth Policy Institute. W.W. Norton&Company. New York, London, 2013.
[7] Xi Lu, M. McElroy, J. Kiviluoma. Global potential for wind generated electricity. //PNAS. 2013. V. 106. No.27.
[8] Decoupling natural resource use and environmental impacts from economic growth. UNEP, 2011.
[9] www.uznature.uz/Республикада қайта тикланувчи энергия манбаларини тадбиқ қилиш тажриба ва истиқболлари..
[10] www.daryo.uz/2014/12/30/namangna-viloyatining-pop-tumanida-sinov-tariqasida-quosh-elektr-stansiyasi-ishga-tushirildi/
[11] www.daryo.uz/2016/04/04/buxoroda-quyosh-elektr-stansiyasi-ishga-tushirildi
[12] www.uzreport.uz/news_4_u_131524.html
[13] www.uznature.uz / Республикада қайта тикланувчи энергия манбаларини тадбиқ қилиш тажриба ва истиқболлари
[14] Концептуальные подходы к формированию Green Economy в Узбекистане// Аналитический доклад 2011/04. Центр экономических исследований, 2011
[15] Концептуальные подходы к формированию Green Economy в Узбекистане// Аналитический доклад 2011/04. Центр экономических исследований, 2011
[16] Ўша манба.