Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

TO‘Y

19.05.2018, 13:40 Yangiliklar 3995

To‘y. Bu so‘zni tinglagandayoq inson qalbida qandaydir xursandchilik, orzu-umid, hayotning asosiy mazmun-mohiyati bilan bog‘liq hissiyotlar jo‘sh ura boshlaydi. Ayniqsa, o‘zbeklar uchun bu so‘zning ma’nosi butunlay o‘zgacha. Nega? Chunki farzand dunyoga kelganida o‘zbekning ongiga birinchi bo‘lib shu farzandning baxtini ko‘rish,katta to‘y-tomosha qilish, el-yurtga osh berish haqidagi o‘ylar kela boshlaydi. To‘y haqidagi mulohazalarimni yozar ekanman, men o‘z hayotimda ko‘rgan, shaxsan guvohi bo‘lgan bir kichik voqea, ayni haqiqat yodimga tushib ketdi. Bir hamkasabam turmushga chiqib, farzandli bo‘ldi. U o‘z sohasini shu darajada yaxshi ko‘rganidan uyda o‘tira olmay, tez-tez farzandini ko‘tarib kelib turardi. Bir kuni endi dunyoga kelgan 2-3 oylik qizini ko‘tarib kelib, menga aytgan bir gapi hech yodimdan chiqmaydi. U menga: “Mana shu atlasni qizimga oldim, sandiqqa tashlab qo‘yaman, erta-indin uzatsam, kunimga yaraydi, to‘g‘rimi?”, – dedi.  Hayratimning chegarasi yo‘q edi, naxotki mana shu mato kamida 17-18 yil tursa. Lekin xuddi shunday bo‘ldi. 17 yil ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketdi va shu dugonam o‘sha qizini uzatdi, o‘sha atlasni kelin libosi sifatida tiktirib sarpoga qo‘ydi. Shunday voqealarning jonli guvohi bo‘lgandan keyin o‘zbekning to‘y qilaman deb yashashiga, to‘y qilaman deb mehnat qilishiga qanday ishonmay bo‘ladi? Bu albatta havas qilsa arziydigan yaxshi niyat, orzu-havasning ushalishi, bunga hech qanday e’tiroz bildirib bo‘lmaydi. Biroq to‘y degan xursandchilikning “lekini”  ham borki, ayni shu “lekin” oxirgi yillarda salbiy ma’noda juda ko‘payib ketganini hammamiz his qilib boryapmiz. To‘y masalasiga Prezidentning shaxsan o‘zi aralashishi, shu muammo bilan bog‘liq davlat miqyosida qarorlar qabul qilinishi, hokimlar, mahalla ahli zimmasiga  to‘ylarni ixchamlashtirish, isrofgarchilikni kamaytirish, aksincha, bunday besamar xarajatlarning o‘rniga yosh oilaning oyoqqa turib olishiga, ularning ilm olishiga, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun imkoniyat yaratish uchun sarflash lozimligini uqtirish vazifasishu qarorlarning asosiy mazmun mohiyatini tashkil etadi. Bu esa bugungi kunda to‘ylarning salbiy ta’siri, salbiy oqibatlari kupayganidan darak beradi.

Dunyoning hech bir mamlakatida ma’naviyat davlat siyosati darajasiga ko‘tarilmagan. O‘zbekiston Respublikasida ma’naviy bo‘shliq bor yerga yot fikrlar, yot g‘oyalar kirib kelishi va yoshlar ongini zaharlashi, ularni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirishi mumkinligini oldindan o‘ylagan holda davlat kelajagi bo‘lgan yosh avlod ongini to‘g‘ri yo‘naltirish maqsadida “Yoshlarga oid davlat siyosati” dasturi qabul qilindi, maktab, kollej, litsey va Oliy ta’lim dargohlaridagi o‘quvchi va talaba yoshlarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish bilan bog‘liq tadbirlar, ma’naviyat soatlari, ajdodlar merosini, milliy qadriyatlar ildizini o‘rganish kabi masalalar yoshlar tarbiyasida yetakchi yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Bu qarorlarning ijrosi yo‘lida, hattoki, “kitobxonlik” bo‘yicha maxsus qaror ham qabul qilindi. Bularning barchasi davlatimiz siyosatida yoshlarga bo‘lgan e’tibor qanchalik kattaligini, bu esa o‘z-o‘zidan O‘zbekistonyoshlari kelajagiga qaratilgan siyosat ekanligini har bir ziyoli inson yaxshi anglaydi.

Biz adabiyotshunos sifatida ajdodlarimizning bizlarga qoldirgan ma’naviy-ma’rifiy, axloqiy qadriyatlari  bilan ko‘p to‘qnashamiz. Ularning barchasining tub mohiyati kamtarlik, kamsuqumlik, tejamkorlik, sabr-qanoat va shukronalik bilan bog‘liq va insonda ayni shu sifatlarni tarbiyalashga qaratilgan. Bugungi jamiyatimizda nima bo‘lyapti? O‘zbeklarga xos yaxshi niyat qilish, yaxshi kunlarda birga bo‘lish, oqibatli bo‘lish kabi xislatlar kamayib, maqtanchoqlik, boyligini ko‘z-ko‘z qilish, qo‘pol qilib aytganda “kimo‘zarga” o‘yini kuchayib bormoqda, va ayniqsa, bu o‘yin “to‘y” marosimida yaqqol ko‘zga tashlanib qolmoqda. Shunisi qiziqarliki, jamiyatimizdagi bu “kimosharga” o‘yinida faqat o‘ziga to‘q oilalargina emas, o‘rtahol va ba’zan moddiy jihatdan qiynaladigan oilalar ham ishtirok etib bormoqda. Ular boshqalarga teng kelaman deb, to‘y qilish uchun qarz olib, uni to‘lashga qiynalish oqibatida oilalarda tinchlik buzilmoqda, yosh oilalarda mana shu qarzlar tufayli o‘zaro nifoqlar, kelishmoqchiliklar kelib chiqib, oilalar buzilmoqda, qudalaro‘rtasiga sovuqchilik tushmoqda. Natijada to‘y xursandchilik va baxt ramzi bo‘lmasdan, ortiqcha tashvish, qarzdorlik va kezi kelganda yoshlarni baxtsiz qiladigan bir tushunchaga aylanib qolmoqda. Prezidentimizning “o‘zbekning to‘rtta qizi bo‘lsa, o‘zini osishi kerak” degan gaplari o‘z-o‘zidan, shunchaki aytilmadi. Xalqimiz bisotidagi “Ko‘rpangga qarab oyoq uzat” degan dono naqlga nega rioya qilmaymiz?

Biz ziyolilar bu oddiy haqiqatni tushunib, uni to‘g‘ri anglagan holda bir yoqadan bosh chiqarib,to‘y inson hayotidagi baxtli kunlardan biri, jamiyatga yangi bir sog‘lom oila kirib kelayotganidan xabar beruvchi ijtimoiy hodisa,  inson xayotidagi yangi bir bosqichga birinchi qadam ekanligini va u tom ma’noda baxt ramzi bo‘lishi kerakligini jamiyatning jamiki  a’zolari o‘rtasida targ‘ib qilshimiz, singdirishimiz lozim. Zero, dono xalqimizdan qolgan naql bor – kengashli to‘y tarqamas.

 

 Janubiy Osiyo tillari kafedrasi mudiri:  f.f.d. U.U.Muhibova