Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

“O‘zbekiston-Turkiya hamkorligi: tarix va kelajak” mavzusidagi xalqaro konferensiya

2022- yil 27- may kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Istanbul universiteti bilan hamokorlikda tashkil etilgan “O‘zbekiston-Turkiya hamkorligi: tarix va kelajak” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo’lib o‘tdi. Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev, Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi deputatlari, O‘zbekistonning Turkiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi A.A’zamxo‘jayev (online), Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi O.Bekar, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari mas’ul xodimlari, Istanbul universiteti rektori prof. M.Ak, mazkur universitet professori H.Akan, Qirg‘iz-Turk Manas universiteti professori Yu.E.Gurbuz, shuningdek, tegishli soha mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar, doktorantlar, yosh olimlar va talabalar ishtirok etdi.

Keyingi yillarda respublikamiz universitlarida tashkil etilayotgan bu kabi anjumanlar an’anaga aylandi. Anjumanlar orqali dunyoning yetakchi universitetlari va ularda faoliyat olib borayotgan professor-olimlar bilan tanishish imkoniyati tug‘ilmoqda. O‘zaro kadr almashish, ilmiy-tadqiqot ishlarini yo‘lga qo‘yish, talabalarni o‘qishga yuborish va xorijiy talabalarni o‘qishga qabul qilish maqsadini ko‘zlagan hamkorlik konferensiyaning asosiy maqsadini tashkil etadi.

“Turkiya tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari”, “Turkiy davlatlar tashkiloti: muammolar va istiqbol”, “O‘zbekiston va Turkiya munosabatlarining istiqbollii yo‘nalishlari”, “Ta’lim hamkorligi – O‘zbekiston va Turkiya munosabatlaridagi muhim yo‘nalish” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi. Ularda O‘zbekistonning mustaqil davlat sifatida shakllanishida Turkiyaning o‘rni va roli ma’ruzachilar tomonidan e’tirof etildi.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Istanbul universitetlari hamkorligidagi mazkur konferensiya fikr almashish, mushtarak tariximizning dolzarb mavzulariga doir ma’ruzalar taqdim etish bilan bir qatorda, umumiy tariximizning hali o‘rganilmagan, jamoatchilikka ma’lum bo‘lmagan sohalariga oid yangi tadqiqotlar olib borish nuqtai nazaridan ham katta ahamiyat kasb etadi. Tag-zamini bilan yangilanayotgan respublikamiz ta’lim tizimi uchun bu, ayniqsa muhimdir.

Xalqaro konferensiya ishtirokchilari ana shu masalalar doirasida fikr almashdi, ma’ruzachilar tomonidan taklif va mulohazalar bildirildi. Ishonchimiz komil-ki, Turkiya va O‘zbekistonning yetakchi universitetlari olimlari va talabalari ishtirokidagi bunday anjumanlar avvalo, bir-biriga jonu ko‘ngil bilan bog‘langan o‘zbek va turk xalqlarining ezgu maqsadlar atrofida yanada jipslashishiga, qolaversa, dunyoni bilishimizga, taraqqiy etgan davlatlar qatoriga chiqishimizga yordam beradi.

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi mushtarak madaniyat, egizak qadriyatlar, deyarli bir xil tilimiz, dinimiz va tarixiy ildizlarga tayangan munosabatlarimiz shunday deyishimizga asos bo‘lib xizmat qiladi.

photo_2023-08-17_11-02-09

17.08.2023, 11:04 1099