Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

Sharqshunos talabalar Indoneziyada gʻolib boʻldi

28.10.2020, 19:31 Yangiliklar 1539

Indoneziya taʼlim va madaniyat vazirligi tomonidan “Bulan Bahasa dan Sastra 2020” (Til va adabiyot oyligi 2020) nomli xalqaro tadbir tashkil etildi.

Tadbir doirasida “Festival Handai Indonesia” (Indoneziya doʻstlik festivali)ning hikoya soʻzlab berish, notiqliq sanʼati, qoʻshiq kuylash, sheʼr oʻqish, aktyorlik mahorati, askiya va reportaj olib borish kabi 7 turdagi onlayn musobaqalari oʻtkazildi.Ushbu musobaqalarda 30 mamlakatdan 100 nafardan ziyod talaba, jumladan, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti indonezshunos talabalari qatnashdi. Universitetning Xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti va turizm fakulteti ikkinchi bosqich talabasi Shahzod Toʻlaganov reportaj olib borishda aʼlo natija koʻrsatib, birinchi oʻrinni egalladi.

Notiqlik sanʼati musobaqasida ushbu fakultet uchinchi bosqich talabasi Bekzod Abduvoitov sovrindorlar safidan joy oldi. Hozirda u universitetlararo almashinuv dasturi boʻyicha Indoneziyaning Islom Malang universitetida onlayn tarzda tahsil olmoqda.

28-oktyabr kuni festivalning tantanali yopilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda oʻzbekistonlik talabalarga Indoneziya taʼlim va madaniyat vazirligi tomonidan pul va qimmatbaho sovgʻalar topshirilishi belgilandi.

– Bu muvaffaqiyat yoshlarimizni ilhomlantiradi va yana-da yuksak marralarga chorlaydi, – deydi Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektori Elyor Mahmudov. – Sh.Toʻlaganov va B.Abduvoitov kechki va sirtqi boʻlimlarda tahsil oladi. Bu mamlakatimizda qoʻshimcha taʼlim shakllarini joriy etib, yoshlarga oʻqish uchun keng imkoniyat yaratilgani natijasidir. Indonezshunoslarning ushbu yutugʻi professor-oʻqituvchilarimiz, qolaversa, Indoneziyadan taklif etilgan ikki nafar volontyor Alfred Bobi Tangkonda va Dvi Xarianing mehnati samarasidir.

Yaqinda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Indoneziyaning Islom Malang universiteti oʻrtasida onlayn memorandum imzolash marosimi oʻtkazilgani haqida xabar bergan edik.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.

    Spelling error report

    The following text will be sent to our editors: